Diyora Keldiyorova: “Bor eʼtiborim Parij-2024 medaliga qaratilgan”

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida oʻz oldiga katta maqsad qoʻygan dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Diyora Keldiyorova ayni kunlarda Yaponiyaning Tokio shahridagi Kodokan dzyudo institutida oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib boryapti. Qayd etish joiz, Olimpiya oʻyinlariga qisqa fursat qolganida Yaponiya jamoasi yopiq tarzda tayyorgarlik koʻradi. Biroq Oʻzbekiston va Yaponiya dzyudo federatsiyalari oʻrtasidagi iliq munosabatlar sabab kunchiqar yurt jamoasi istisno tariqasida faqatgina hamyurtimizga oʻz eshiklarini ochdi. Sportchimiz bilan bogʻlanib, mashgʻulot jarayoni, toʻrt yillikning eng muhim startiga koʻrayotgan tayyorgarligi, rejalari haqida soʻradik:

Diyora, Yaponiya yigʻini qanday oʻtmoqda? Mashgʻulotlarda Sizga kim hamrohlik qilyapti?
Kutganimizdek, mashgʻulotlar aʼlo darajada oʻtyapti. Federatsiyalarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar sabab faqat men Yaponiya ayollar terma jamoasi bilan oʻz tajribamni oshiryapman. Bu yerda har bir vazn toifasida Yaponiyaning eng kuchli dzyudochilari, jahon va Olimpiada chempionlari shugʻullanyapti. Ishonamanki, ushbu yigʻin yanada oʻsishim uchun foyda beradi. Safarda menga murabbiy Marko Shpittka va shifokorimiz hamrohlik qilyapti.

– Qatnashgan soʻnggi musobaqangiz Gonkongdagi Osiyo chempionati yarim finalida aynan yapon dzyudochisiga imkoniyatni boy berdingiz. Magʻlubiyatning sababi raqibni yaxshi bilmasligingizmidi yoki sport formasida emasmidingiz?
– Yoʻq, buning sababi sport formada emas. Biz doimiy ravishda mashgʻulotlardamiz va holatimizni bir maromda ushlab turibmiz. Sportda hamma narsa boʻlishi mumkin. Ochigʻini aytsam, Osiyo chempionatidagi hakamlikdan koʻnglim toʻlmadi. Oʻshanda qoʻshimcha vaqtda vazari bahosini ishlagan edim, lekin hakamlar bunga koʻz yumishdi. Qanday qilib bunday vaziyatga baho bermaslik mumkin, deb turgan paytim oʻzim usulga tushib qoldim.

– Yaponiya yigʻini qancha vaqt davom etadi? Shu bilan Sizni Parij-2024 Olimpiadasida koʻramizmi?
– Osiyo chempionati va Olimpiada orasida katta vaqt bor. Shuning uchun orada bitta startda ishtirok etishim talab etiladi. Tokio yigʻini 10 kunga belgilangan. Oldinda turgan Tojikiston va Qozogʻistondagi “Katta dubulgʻa” turnirlarini oʻtkazib yuboraman. Shu bilan Abu-Dabida oʻtadigan jahon chempionati va Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida kurashaman. Albatta, bor eʼtiborim Parij-2024 medaliga qaratilgan.

Text to speech