Bekzod Abdurahmonov yana “Harvard”da faoliyat olib boradi

Erkin kurash bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori Bekzod Abdurahmonov AQShning dunyoga mashhur “Harvard” universitetida faoliyat olib boradi. Bu haqida sportchimizning o‘zi ma’lum qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hamyurtimiz qit’a va jahon chempionati, Osiyo va Olimpiya o‘yinlari, ulardan oldin tashkil etiladigan asosiy yig‘inlardan tashqari davrda mazkur universitetda ish olib boradi.

“Avval ham “Harvard” bilan ishlaganman. Mening u yerdagi asosiy vazifam murabbiylik. Universitet talabalariga erkin kurashdan saboq beraman, turli musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishlarida yordamlashaman. Shu bilan birga terma jamoadagi faoliyatimni ham davom ettiraman. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, yirik musobaqalar oldidan vatanimiz sharafini himoya qilish uchun terma jamoa ixtiyorida bo‘laman”, – dedi Bekzod Abdurahmonov.

Ma’lumot uchun, kurashchimiz 2014-2015 yillarda ham “Harvard”da faoliyat olib borgan. Mazkur universitet ayni paytda jahonning eng yaxshi 5 oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi.

Text to speech