Zaynab Dayibekova: “Osiyo chempionatida ololmagan oltin medalimni jahon chempionatida qo‘lga kiritaman”

Kuni kecha poytaxtimizda o‘tkazilgan qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yosh sportchilarimiz orasida ko‘plab iqtidor egalari yetishib chiqayotganini ko‘rsatdi. Unda o‘zimiz uchun yangi nomlar kashf qildik. Ochig‘i, musobaqada ko‘pchilik jamoamiz yetakchisi Zaynab Dayibekovadan oltin medal kutgan edi. Biroq sportchimiz yarim finalda boshqa bir hamyurtimiz Gulistan Perdibayevaga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Jamoaviy dasturda esa finalda qozog‘istonlik sablyachi qizlar ustun kelishdi. Quyida mahoratli sportchimiz bilan mazkur musobaqa taassurotlari va tafsilotlari haqidagi intervyuni taqdim qilamiz:

– Osiyo chempionatidagi ishtirokingizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
– To‘g‘risi, musobaqasidagi ishtirokim o‘zim xohlaganimdek bo‘lmadi. Buni yaxshi qabul qilaman. Chunki Alloh bizga shunday natijani bergan.

– Ochig‘i, Sizdan ko‘pchilik qo‘shaloq oltin kutgan edi. Yakkalik dasturida Gulistan Perdebayevaga qarshi kechgan bahs halol raqobatda bo‘ldimi yoki unga chempionlik uchun yordam berdingizmi?
– O‘zim ham o‘zimdan oltin medal kutgan edim. Bu Osiyo chempionatida o‘zimni qandaydir yomon his qildim. Bilmadim, avval bunday holatga sira tushmaganman. Mashg‘ulotlarda, oldingi musobaqalarda yoqtirib amalga oshiradigan usullarimni ham to‘la ko‘rsata olmadim. Yana shunday xarakterim borki, rasmiy musobaqalarda yaqin do‘stlarim ro‘baro‘ kelib qolsa, bor kuchim bilan tusha olmayman. Gulistonni o‘zimga juda yaqin do‘st deb qabul qilganim uchun g‘alaba qozona olmadim. Yo‘lakda kim senga qarshi tursa, uni raqib deb qabul qil, deya o‘zimga o‘zim aytaman. Biroq bu gal hammani to‘liq raqibdek his qila olmadim. Bu men uchun katta saboq bo‘ldi.

– Yakkalik bahslarida yarim finalda sizga, finalda jamoamizga nima yetishmadi deb o‘ylaysiz?
– Jamoaviy bahslar boshlanguncha shaxsiy birinchilikda yarim finaldagi mag‘lubiyatimni hali to‘liq tushunib yetmagan edim. Yana ozroq qo‘rquv bo‘ldi. Jamoaviy bahsda so‘nggi zarbani berib, bor alamimni g‘alaba hayqirig‘i bilan chiqarib yuborishni istagan edim. Ammo murabbiyimiz Vladimir Nazlimov mendagi o‘zgarishlarni payqab, oxirgi juftlikka jamoadoshimni qo‘ydi. Bu haqida murabbiyimiz oldin ham aytar edilar. Ya’ni jamoaviy bahsda so‘nggi juftlikka psixologik jihatdan tayyor sportchi qo‘yilishi kerak. Agar unda mening ishtirokimda mag‘lub bo‘lganimizda bu men uchun psixologik tomondan o‘ta og‘ir bo‘lardi. Bunda Vladimir Aliverovich vaziyatni juda nozik anglay oldi. Buning uchun u kishiga rahmat aytaman.

– Musobaqadan so‘ng murabbiylar shtabi bilan hammaning ishtiroki muhokama qilingandir. Ular natijalardan qoniqish hosil qilishdimi?
– Natijalarimizni trenerlarimiz bilan muhokama qildik, albatta. Yo‘l qo‘ygan xatolarimiz va kamchiliklarimiz haqida gapirishdi. Lekin ular bizdan qoniqish hosil qilgan yoki qilmaganliklarini sezdirishmadi.

– Endi rejalar qanday? Qaysi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rasizlar?
– Keyingi startimiz aprel oyining boshida BAA mezbonlik qiladigan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘ladi. Hozir ushbu musobaqaga tayyorgarlikni boshlayapmiz. Osiyo chempionatida ololmagan oltin medalimni jahon chempionatida qo‘lga kiritishga, xalqimizni, Prezidentimizni ota-onam va murabbiylarimizning ishonchlarini oqlashga harakat qilaman. Buning uchun borimni beraman.

Text to speech