Mattia Jianessi: “Ertaga eng yaxshi natijamizni ko‘rsatishga harakat qilamiz”

Pekin-2022 qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan hamyurtimiz Komiljon To‘xtayev ertaga ishtirokini boshlaydi. Sportchimiz so‘nggi tayyorgarlik jarayonini italiyalik murabbiyi Mattia Jianessi bilan olib bordi. Bu orada biz Jianessining bo‘lajak starti oldidan fikrlarini o‘rgandik.

– Tayyorgarlik jarayoni qanday bo‘ldi, undan ko‘nglingiz to‘ldimi?
– Bir necha kun davomida Komiljon bilan Olimpiada startiga tayyorlandik. Haqiqatdan ham, trassa juda murakkab. Avvalgi dasturda bir nechta favoritlarning finishga yetib kela olmaganiga ham guvoh bo‘ldik. Biroq biz oldimizga aniq maqsad qo‘yganmiz va unda eng yaxshi natijamizni ko‘rsatishga harakat qilamiz.
– Medallar uchun kurash kimlar orasida kechadi deb o‘ylaysiz?
– Albatta, yevropaliklar bu borada yetakchi. Biz ularga keskin raqobat tug‘dirishga harakat qilamiz. Komiljondan osiyolik raqiblaridan yuqori natija qayd etishiga ishonaman.

Eslatib o‘tamiz, ertaga Komiljon To‘xtayev gigant slalom dasturida o‘z chiqishini boshlaydi. Hamyurtimizning dastlabki starti Toshkent vaqti bilan 07:15 da boshlanadigan dasturga to‘g‘ri keladi.

Text to speech