Armen Bagdasarov: “Navbatdagi jahon chempionatining Toshkentda oʻtayotgani Oʻzbekiston uchun katta yutuq”

Insoniyat tarixida eng uzoq kutilgan Tokio Olimpiadasi tarix sahifalaridan joy olganiga ham ikki oyga yaqin vaqt bo‘ldi. Ta’kidlash joiz, bu galgi musobaqa nafaqat sportchilar va murabbiylar, balki tashkilotchilar uchun ham oson bo‘lgani yo‘q. Olimpiya o‘yinlari har qachongidan ham murakkab kechdi. Pandemik vaziyat sportchilarning Olimpiadaga olib borgan tayyorgarligini tubdan o‘zgartirib yubordi. Kovid, vaksinatsiya jarayoni, tayyorgarlikda rejim va kun tartibining o‘zgarishi, bularning bari sportchilarning Olimpiadada qayd etgan natijasiga salbiy tomondan o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Biz ayni shu mavzuda O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Atlanta-1996 Olimpiadasining kumush medali sovrindori, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) Bosh referi direktori, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi o‘rinbosari Armen Bagdasarovdan intervyu oldik.

– Armen Yurevich, tarixda eng uzoq kutilgan va odatiy an’analarni chetlab o‘tgan Tokio Olimpiadasi haqida umumiy fikringiz qanday?

– Shubhasiz, Tokiodagi Olimpiada noodatiy formatda o‘tkazildi. Koronovirus infeksiyasi shunday yo‘l tutishga majbur qildi. Kunlik nazoratdan o‘tish, majburiy tarzda PSR test topshirish, doimiy niqobda yurish, belgilangan hududdan tashqariga bir qadam ham chiqmaslik kabi taqiq va cheklovlar sportchilarning Olimpiadada ko‘rsatgan natijalariga ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Endi bevosita dzyudo sport turi haqida gapiradigan bo‘lsam, mezbonlarning pandemik vaziyatga qaramay musobaqaga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rganliklari amalda o‘z isbotini topdi. Yaponiyaliklar tomonidan qo‘lga kiritilgan 9 ta oltin medal fikrimga isbot bo‘ladi va bu dzyudo vatani vakillari uchun mutlaq rekord natija. Aksincha, Olimpiadaoldi mavsumida medallar uchun asosiy da’vogarlar qatorida e’tirof etilgan Rossiya, Ozarbayjon, Isroil, Qozog‘iston va O‘zbekiston dzyudochilari kutilgan natijani ko‘rsata olmadilar. Men sanab o‘tgan davlat dzyudochilariga pandemiya o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Bizning jamoa hamisha erkaklar o‘rtasidagi musobaqa medallariga da’vogarlik qilgan. Yaponiyaning mavjud 7 ta vazn toifasidan 6 ta oltin medal olganini hisobga olsak, qolgan 100 ga yaqin davlat o‘rtasida sovrinli o‘rinlar uchun kurash nechog‘lik jiddiy kechganini anglab olish qiyin emas.

– Sir emas, sportchilar Olimpiadaga 4 yil davomida tayyorgarlik ko‘radilar. Bu safargi muddat 5 yildan iborat bo‘ldi. Nima deb o‘ylaysiz, bu holat ham tayyorgarlikka sezilarli darajada ta’sir o‘tkazdimi?

– Ha, buning ta’sirini turlicha ko‘rish mumkin. Olimpiadaning bir yilga kechiktirilganining o‘ziga yarasha ijobiy tomoni ham bor. Agar Olimpiada bir yil avval, ya’ni oldindan belgilangan muddatda o‘tkazilganida, O‘zbekiston terma jamoasi 5 nafar dzyudochi bilan musobaqada qatnashgan bo‘lishi ham mumkin edi. Shu nuqtai nazardan olib qarasak, Olimpiadaning bir yilga kechiktirilgani O‘zbekiston uchun ijobiy holat bo‘ldi. Yakkalikdagi 10 nafar dzyudochimizdan tashqari tarixda ilk bor jamoaviy litsenziyani ham qo‘lga kiritdik. Xolis fikr bildiradigan bo‘lsam, masalan Sharofiddin Lutfullayev o‘tgan yili o‘zining yuqori sport formasida edi. Olimpiada 2020 yilda o‘tkazilganida, 30 yoshdan oshgan dzyudochimizning natijasi birmuncha yaxshiroq bo‘lardi. Xuddi shu fikrni afsonaviy Teddi Riner haqida ham bildirishim mumkin. Olimpiada chempioni bo‘lishga birinchi raqamli da’vogar yakunda bronza medali bilan kifoyalandi. 

– Aksariyat jahon chempionlari, xususan Fabio Bazile kabi Olimpiada chempionlariga shohsupaga ko‘tarilish nasib qilmadi. Nima uchun shunday bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

– Olimpiya o‘yinlari shunday musobaqaki, unda har bir sportchi bolaligidan qatnashishni orzu qiladi. Bunday katta masshtabdagi musobaqaning har tomondan bo‘ladigan hayajonini sizga so‘z bilan ta’riflab yetkazib bera olmayman. Xalqi, hukumati, oilasi va do‘stlari oldidagi javobgarlik hissi juda yuqori bo‘ladi va bu sportchiga qo‘shimcha bosim yuklaydi. Uzoqqa bormaymiz, ispaniyalik Nikoloz Sherazadishvili Olimpiadadan bir oy oldin o‘tkazilgan jahon chempionatining finalida hamyurtimiz Davlat Bobonovni mag‘lub etgandi. Olimpiadada esa Bobonov jahon chempionatidagi mag‘lubiyat uchun revansh oldi va nomdor raqibini uyiga quruq qo‘l bilan qaytishini ta’minladi. Olimpiada oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan musobaqa.

– Oxirgi ikkita Olimpiadada oltin medal olgan Rossiya terma jamoasining Tokio tatamilaridagi omadsiz ishtiroki haqida fikringiz qanday? Rossiyaliklar kuchli tarkib bilan borishlariga qaramay, 3 ta bronza medali bilan kifoyalanishdi…

– Shaxsiy fikrim, birinchi navbatda Gambaning (Etsio Gamba – Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi) yo‘qligi rossiyaliklarga pand berdi. Gamba mashg‘ulotlarda bevosita ishtirok etmadi. Masofadan maslahat berish bilan kifoyalandi. Undagi jiddiy kasallik ham terma jamoa bilan birga shug‘ullanish uchun yo‘l qo‘ymadi. Koronavirus infeksiyasidagi cheklov sabab terma jamoaning bironta o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashmadi. Qolaversa, -60 kg vaznda yosh jahon chempioni Yago Abuladze Tokioga olib ketilmadi. Uning o‘rniga Mshvidobadzega ishonch bildirildi. O‘ylashimcha, Yago yaxshiroq natija ko‘rsatardi. Bosh murabbiy mashg‘ulotga kela olmaganidan keyin dzyudochilarning o‘sha paytdagi holatidan ham bexabar qolgani aniq. Juda ko‘p murabbiylar yakuniy tarkib bo‘yicha fikrini bildirgani uchun ham xulosa yaxshi bo‘lmagan. Fikrlar turlicha yangragan. Lekin omadsizlikning eng katta omili bu shubhasiz, Gambaning yo‘qligi.

– O‘zbekiston terma jamoasining tayyorgarligini qanday baholaysiz?

– Albatta, men ham hamma qatori terma jamoamiz a’zolaridan yaxshiroq ishtirok kutgandim. -60 kg vazn toifasi meni to‘laligicha xayron qoldirdi. Deyarli hech qanday kurash ko‘rsatmadi. Sharofiddin Olimpiadaga tayyor emasdi. -66 kg vazndagi dzyudochimiz munosib tarzda kurashdi. Qo‘shimcha bo‘limda yana yetti daqiqa tatamida harakat qildi. Afsuski, shifokor Sardorning boshidan oqayotgan qonni o‘z vaqtida to‘xtata olmadi. Aytish mumkinki, bu shifokorning xatosi. Natijada Nurillayevga tibbiy-texnik mag‘lubiyat yozildi. Boz ustiga uning moldovalik raqibi, bir necha karra Yevropa chempioni, jahon chempionati sovrindori ham ancha kuchli edi. -73 kg vazn toifasidagi dzyudochimiz ham kurashdi. Natija yaxshiroq bo‘lishi ham mumkin edi. Lekin u ham Olimpiadaga ham ruhan, ham jismonan tayyor emas ekan. Sportchilar musobaqaga o‘zlarini amaldagi Olimpiada chempioni sifatida his etib kelishlari kerak. Xuddi o‘z medalini olib ketgani kelgan chempiondek kayfiyatda bo‘lishi lozim. Mabodo qalbingda yuta olmasligingga zarracha shubha-gumoning bo‘lsa, tatamiga chiqmay qo‘yganing ma’qul. Dzyudochilarimizdagi eng katta kamchilik ham aynan ularning o‘zlariga ishonmasligidir. Agar Bobonovda o‘ziga ishonch yana ham kuchliroq bo‘lganida, shohsupada yanada yuqoriroqqa ko‘tarilardi. Sharofiddin Boltaboyev ham meni xafa qildi. Undagi jismoniy holat, chidamlilik, texnik tayyorgarlikdan kelib chiqib, kamida bronza kutgandim. Ammo negadir juda tez charchab qoldi. “Golden Score” fikrimni isbotlaydi. -100 kg vazndagi dzyudochimiz uchun qur’a yaxshi kelmadi. Muhammadkarim ilk bellashuvida irlandiyalik kuchli raqibini yengdi. Keyin esa bo‘lajak Olimpiada chempioni, yaponiyalik Volfga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

– Nima deb o‘ylaysiz, dzyudodan 11 ta litsenziya – bu O‘zbekiston uchun yaxshi natijami?

– Ha, bu ajoyib natija. O‘zbekiston dzyudosi tarixidagi rekord ko‘rsatkich qayd etildi. Rio-2016 Olimpiadasida biz 8 ta litsenziya (7 erkaklar, 1 ayollar) qo‘lga kiritgandik. Odatda 7, qaysidir Olimpiya o‘yinlarida 6 ta litsenziya bilan ham qatnashganmiz. Qolaversa, uch nafar dzyudochi qizimizning Olimpiadada qatnashishi ham birinchi martta kuzatildi. Hamisha qizlar dzyudosida oqsar edik. Ko‘pi bilan ikkita litsenziya bo‘lgan. Bu safar noxush an’ana buzildi. Shuningdek, tarixda ilk bor jamoaviy musobaqada ham ishtirok etdik. Niderlandiyani mag‘lub eta turib, yakunda alamli mag‘lubiyat bo‘lib qoldi. Jamoamiz yetakchisi Davlat Bobonov o‘z bellashuvida g‘alaba qozonganida, medallar uchun kurashishda yaxshigina imkoniyat yuzaga kelardi. Qo‘shimcha bahs uchun qur’a Oltiboyevni tanlab berdi. U esa raqibiga yutqazdi. Niderlandiya keyin bronza medali uchun kechgan bahsda nisbatan kuchsizroq bo‘lgan Germaniyaga mag‘lub bo‘ldi. Jahon chempionatining jamoaviy musobaqasida O‘zbekiston dzyudosi tarixida birinchi martta bronza medalini qo‘lga kiritgan jamoamizning potensiali yuqori ekani oydinlashdi. O‘ylashimcha, federatsiya rahbari va uning yordamchilariga yana ozgina vaqt kerak. Hozirgi rais ikki yil ichida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirdi. Shundan bir yili ichki muammolarni hal qilish, ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish uchun sarfladi. Yana bir yil esa pandemiya sabab yo‘qotildi. Fikrimcha, murabbiylar shtabini yana ham kuchaytirish kerak. Dzyudochilarni ruhan, jismonan tayyorlay biladigan mutaxassislarni terma jamoa murabbiylar shtabiga qo‘shish lozim. Federatsiyada moliyaviy tomondan hech qanday muammo yo‘q.

– Oxirgi savol, Parij Olimpiadasida natija har qachongidan ham yaxshiroq bo‘lishi uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

– O‘ylashimcha, tayyorgarlik bo‘yicha bosqichma-bosqich tempni ko‘tarib borish kerak. Yuqorida aytganimdek, musobaqaga xuddi chempion kabi borish lozim. Tokio Olimpiadasida qatnashgan tarkibimiz yosh va ularning 80-90% katta ehtimol bilan Parijga ham boradi. Kelasi yili Toshkentda o‘tadigan jahon chempionatida dzyudochilarimizning 50% sovrindorlar safidan joy olmog‘i darkor. Jahon chempionati shunday musobaqaki, u har bir dzyudochiga qo‘shimcha ishonch, motivatsiya beradi. Unda g‘alaba qozonganingdan keyin fikrlashing ham tamomila o‘zgaradi. Navbatdagi jahon chempionatining Toshkentda o‘tayotgani esa O‘zbekiston uchun katta yutuq.

Text to speech